Sud xabarnomalari va chaqiruvlari sud jarayonida ishtirok etuvchi shaxslarga jumladan, arizachi, javobgar, uchinchi shaxslar va boshqa tomonlarga sud hujjatlari, qarorlari yoki jarayon vaqti haqida rasmiy xabar berish vositalaridir. Sud chaqiruvi – bu sud majlisiga kelishni talab qiluvchi hujjat bo‘lib, u yozma shaklda, elektron pochta orqali yoki boshqa qonuniy usullar bilan yetkaziladi. Xabarnomalar esa sud qarori, hujjatlar nusxasi yoki jarayon o‘zgarishlari haqida ma’lumot beradi. Ushbu hujjatlar sud tizimining samarali ishlashi uchun muhimdir, chunki ular adolatli sudlovni ta’minlashga va tomonlarning jarayonda ishtirok etish huquqini kafolatlaydi. Agar chaqiruv yoki xabarnoma to‘g‘ri yetkazilmasa, sud qarori bekor qilinishi mumkin, bu esa vaqt va resurslarni isrof qiladi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida sud ajrimi orqali xabardor qilinadi, ajrim topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki ushbu shaxslarga tilxat olib topshiriladi yoxud xabardor qilinganligi fakti qayd etilishini ta’minlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda xabardor qilinadi. Ma’muriy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari sud ajrimi orqali, zarur hollarda esa chaqiruv qog‘ozlari, telegrammalar, fakslar, teletayplar hamda boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi va sudga chaqiriladi.
Sud xabarnomalari va chaqiruvlari ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Agar sud ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi o‘ziga yuborilgan ajrimning ko‘chirma nusxasini olganligi yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa usulda xabardor qilinganligi to‘g‘risida sud majlisi boshlanguniga qadar ma’lumotlarga ega bo‘lsa, ushbu ishtirokchi tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish ishtirokchisi quyidagi hollarda ham sud tomonidan tegishli tarzda xabardor qilingan deb hisoblanadi, agar:
ajrim yo‘llangan shaxs ajrimning ko‘chirma nusxasini olishni rad etgan va ushbu rad etish qayd etilgan bo‘lsa;
sud tomonidan yuridik shaxsning sudga ma’lum bo‘lgan oxirgi joylashgan yeri (pochta manzili), fuqaroning yashash joyi bo‘yicha yuborilgan ajrimning ko‘chirma nusxasi oluvchi ko‘rsatilgan manzilda yo‘qligi sababli topshirilmagan va bu haqda aloqa muassasasi sudni xabardor qilgan bo‘lsa;
ajrimning ko‘chirma nusxasi sud tomonidan elektron pochta orqali yoki xabardor qilinganlik faktini tasdiqlovchi boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda yuborilgan kundan e’tiboran uch kun o‘tgan bo‘lsa.
Shuningdek, ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish yuritish vaqtida o‘z manzili o‘zgarganligi haqida sudga xabar berishi shart. Bunday xabar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ajrimning ko‘chirma nusxasi sudga ma’lum bo‘lgan oxirgi manzilga yuborilib, garchi oluvchi shu manzilda bo‘lmasa ham yoki yashamasa ham u yetkazib berilgan deb hisoblanadi.
Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘z telefon va faks raqamlarini, elektron manzilini sudga ma’lum qilgan bo‘lsa, ularning ish yuritish vaqtida o‘zgarganligi to‘g‘risida sudni yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida xabardor qilishi kerak.
Kodeks talabiga ko‘ra belgilangan tartibda xabardor qilingan arizachi birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni o‘zining ishtirokisiz ko‘rilishi to‘g‘risida arz qilmagan bo‘lsa sud arizani (shikoyatni) ko‘rmasdan qoldiradi.
Shu o‘rinda shuni ta’kidlash lozimki, sudlar faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan ishda ishtirok etuvchi shaxslar masofadan turib sud majlislariga qatnashish imkoni ham mavjud. Bu qulayliklar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining vaqti va ortiqcha xarajatlarini tejashga xizmat qiladi.
Shahzod Yoqubov,
Navoiy tumanlararo ma’muriy
sudi sudya yordamchisi