O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Rayosatining 2025-yil 19-dekabrdagi “Iqtisodiy sudlarda 2022-2024-yillar davomida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlar sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida”gi RS-54-25-sonli, “Oliy sud Rayosatining 2018-yil 6-iyuldagi RS-37-18-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi sudlarida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi RS-55-25-sonli, “Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon, Karmana va Nukus tumanlararo sudlarida oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan “Oila sudyalarini” tashkil etish hamda Oliy sud Rayosatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risda”gi RS-56-25-sonli hamda “O‘zbekiston Respublikasi oliy sudining 2025-yil ikkinchi yarim yillik ish rejasi ijrosi va 2026-yil birinchi yarim yillik ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi RS-57-25-sonli qarorlari mazmun-mohiyati.
Oliy sud Rayosatining 2018 yil 6 iyuldagi RS-37-18-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi sudlarida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash to‘g‘risidagi nizomlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raislari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman va shahar sudlari hamda tumanlararo iqtisodiy sudlar raislariga odil sudlovni amalga oshirishda boshqa sudyalar bilan bir xil hajmda vazifalar yuklangan. Bu esa ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ish sifatiga va ijro intizomiga rioya etilishini ta’minlashlarida ob’ektiv qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Shu bois, sudlarda ish taqsimotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ishlarni sudyalar o‘rtasida elektron axborot tizimida avtomatik taqsimlash jarayonida yuklamalar mutanosibligini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga muvofiq, Oliy sud Rayosati q a r o r q i l a d i: 1. Oliy sud Rayosatining 2018 yil 6 iyuldagi RS-37-18-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda iqtisodiy sudlarda ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash to‘g‘risidagi nizomlarga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin. 2. 2026 yil 2 yanvardan boshlab ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlash jarayonida respublika miqyosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari jinoyat, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raislari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman va shahar sudlari hamda tumanlararo iqtisodiy sudlar raislari (o‘rinbosarlari) uchun nizomda belgilangan imtiyozlar asosida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash tartibi joriy etilsin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon, Karmana va Nukus tumanlararo sudlarida oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan “Oila sudyalari”ni tashkil etish hamda Oliy sud Rayosatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-401-son qarorining ijrosi yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish masalalarini muhokama qilib, Oliy sud Rayosati quyidagilarni ta’kidlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori 9-bandiga asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar, Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Qarshi va Chirchiq tumanlararo sudlarida oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan “Oila sudyalari” tashkil etilib, ularning vakolatiga 43 ta toifadagi ishlar berilganligi o‘zining ijobiy natijasini berdi. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida oila sudyalari tomonidan jami 26 904 ta oilaviy nizolarga oid ishlar ko‘rilib, yarashtirilgan oilalar soni 140 foizga (289 taga) ortdi (2024 yilda – 206 ta, 2025 yil 9 oyida – 495 ta). O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligini va bandligini oshirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda teng huquqliligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 40-bandida “Oila sudlari” tajribasi natijalarini tahlil qilish hamda tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda 2025 – 2030 yillarda bosqichma-bosqich barcha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish belgilangan.
Shu maqsadda o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra 2025 yil 9 oyi davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi (Andijon shahri, Andijon va Oltinko‘l tumanlari, jami aholi soni 937,1 ming nafar) tomonidan 2 657 ta (shu sud tomonidan jami ko‘rilgan ishlarning 34,8 foizi), fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi (Navoiy shahri, Karmana va Qiziltepa tumanlari, jami aholi soni 476,5 ming nafar) tomonidan 1 624 ta (28,1 foiz) va fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudi (Nukus shahri, Xo‘jayli, Nukus va Taxiatosh tumanlari, jami aholi soni 607,2 ming nafar) tomonidan 2 673 ta (41,7 foiz) oilaviy nizolar bilan bog‘liq fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan. Ushbu sudlarda ko‘rilayotgan oilaviy nizolar soni ko‘pligi hamda bu hududlarda mazkur toifadagi nizolarni to‘g‘ri hal etishga alohida yondashuv zarurligi tufayli fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon, Karmana va Nukus tumanlararo sudlarining ikki nafardan sudyasini oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirgan holda shu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2025 yil 5 dekabrdagi 2072-sonli qarori bilan Esonov Xumoyun Abdurashitovich ‒ sudyalik vakolati muddati davriga Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimiga qayta tayinlanib, shu munosabat bilan Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining sudyasi lavozimidan ozod qilingan.
Bundan tashqari fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi Nuralieva Zulfiya Alisherovnaning oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha faoliyatini samarali deb hisoblab bo‘lmaydi. Ushbu asoslarga ko‘ra, Oliy sud Rayosatining 2024 yil 23 yanvardagi RS-01-24-sonli qarori 2-ilova 3-bandiga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilishi maqsadga muvofiq. Yuqorida qayd etilganlarni inobatga olib, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga muvofiq, Oliy sud Rayosati q a r o r q i l a d i: 1. 2026 yil 2 yanvardan mavjud shtat birliklari doirasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon, Karmana va Nukus tumanlararo sudlarining ikki nafardan sudyasi oilaviy nizolarni ko‘rish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan holda ushbu sudlarda “Oila sudyalari” tashkil etilsin.
Iqtisodiy sudlarda 2022–2024 yillar davomida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlar sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish amaliyotini umumlashtirish natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining va Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2025 yil ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejalarining 3.12, 2.5-bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida iqtisodiy sudlar tomonidan 2022–2024 yillarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi-davlatlar sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish amaliyotini umumlashtirish natijalarini muhokama qilib quyidagilarni ta’kidlaydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublika iqtisodiy sudlariga 2022–2024 yillarda MDH ishtirokchi-davlatlar sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida 223 ta ariza (iltimosnoma)lar kelib tushgan. Ushbu ariza (iltimosnomalar)ning 69 tasi qaytarilgan, 1 tasini ish yuritishga qabul qilish rad etilgan, 153 tasi ish yuritishga qabul qilingan. Iqtisodiy sudlar tomonidan 153 ta ariza (iltimosnoma) ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 126 ta ariza (iltimosnoma) qanoatlantirilgan (shu jumladan 2 tasi qisman), 12 ta ariza (iltimosnoma)ni qanoatlantirish rad etilgan, 5 ta ariza (iltimosnoma)lar ko‘rmasdan qoldirilgan, 10 ta ariza (iltimosnoma)lar bo‘yicha ish yuritish tugatilgan. Shu bilan birgalikda, hisobot davrida chet davlat sudining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ariza (iltimosnoma)lar bo‘yicha yuritilgan ishlar yuzasidan qabul qilingan sud hujjatlari ustidan 24 ta apellyatsiya shikoyati (shundan 4 tasi qaytarilgan, 5 tasi qanoatlantirilgan va 15 tasini qanoatlantirish rad etilgan), 2 ta kassatsiya shikoyati (har ikkalasi bo‘yicha ham ish yuritish tugatilgan), 6 ta taftish tartibidagi shikoyat (shundan 2 tasini ish yuritishga qabul qilish rad etilgan, 2 tasi qanoatlantirilgan va 2 tasini qanoatlantirish rad etilgan) kelib tushgan. MDH ishtirokchi-davlatlar sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan sud amaliyoti tahlili shuni ko‘rsatdiki, sudlar tomonidan aksariyat hollarda ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda moddiy hamda protsessual huquq normalari asosan to‘g‘ri qo‘llanilmoqda. Shu bilan birgalikda, ayrim ishlarni ko‘rishda moddiy hamda protsessual huquq normalari noto‘g‘ri qo‘llanilib, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi)ning 251 va 252-moddalarida chet davlat sudining va chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati, 253-moddasida esa bunday arizani qaytarish asoslari aniq ko‘rsatilgan. Biroq, ayrim sudlar chet davlat sudining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish so‘ralgan arizalarni qaytarishda tegishli Xalqaro konvensiya normalarini qo‘llash o‘rniga, IPKning chet el arbitrajining hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi normalariga asoslanib, xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan (Surxondaryo, Andijon, Navoiy viloyat sudlari). O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rishda qonunchilik hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida” 2023 yil 20 noyabrdagi 27-sonli qarorida bunday toifadagi ishlarni ko‘rib chiqishda Kiev shahrida 1992 yil 20 martda imzolangan “Xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risida”gi Bitim, Minsk shahrida 1993 yil 22 yanvarda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlar va huquqiy yordam to‘g‘risida”gi Konvensiya, Kishinev shahrida 2002 yil 7 oktabrda imzolangan “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Konvensiya normalari qo‘llanishi haqida aniq tushuntirishlar berilgan.
Biroq, ayrim sudlar tomonidan bunday toifadagi arizalarni (iltimosnomalarni) ko‘rib chiqishda, qayd etilgan bitim va Konvensiya normalari qo‘llanilmasdan, faqatgina IPK normalarini qo‘llash bilan cheklanilgan (Andijon, Xorazm viloyat sudlari). “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida chet davlat sudlari va arbitrajlar qarorlarini tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi arizalardan BHMning 2 baravari miqdorida davlat boji undirish belgilangan. Biroq, ayrim hollarda arizachi tomonidan davlat boji oldindan to‘lanmagan bo‘lsa-da, ariza ish yuritishga qabul qilinib, ishni ko‘rish yakuni bo‘yicha davlat bojini aybdor shaxsdan undirish choralari ko‘rilmagan (Samarqand viloyat sudi). Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati umumlashtirish natijalarini muhokama qilib, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga asosan q a r o r q i l a d i: 1. Iqtisodiy sudlar tomonidan 2022–2024 yillarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlar sudlarining hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma axborot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025 yil ikkinchi yarim yillik ish rejasi ijrosi va 2026 yil birinchi yarim yillik ish rejasini tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati Oliy sudning 2025 yil ikkinchi yarim yilligi ish rejasi ijrosi yuzasidan Apparat raxbarining ma’ruzasini tinglab, kuyidagilarni qayd etadi. Oliy sudning ish rejasida 4 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 36 ta masalalar nazarda tutilgan bo‘lib, ularning ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgan. 14 tasi umumiy masalalarga, 4 tasi xalqaro-huquqiy munosabatlarga, 14 taen Oliy sud Rayosati, 4 tasi Oliy sud Plenumi muxokamasiga taalluqli Rejaning 1.2, 1.3 bandlarida nazarda tutilgan vazifalar ijrosi yil yakuniga qadar belgilangan bo‘lib, ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmokda. Oliy sud Rayosati muhokamasiga kiritilgan 14 ta masalaning 13 tasi ijrosi to‘liq ta’minlangan, 3.11 bandida belgilangan taftish instansiyasida ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar umumlashtirilgan, aniklangan kamchiliklar mukaddam bir necha bor kengaytirilgan yig‘ilishlarda muhokama qilinganligi sababli, kun tartibidan chiqarilgan. Oliy sud Plenumi muhokamasiga kiritilgan 4 ta masaladan 3 tasi ko‘rib chiqilib, tegishli karorlar kabul qilingan. Rejaning 4.3 bandi ijrosi Oliy sud raisining roziligi bilan 2025 yil 26 sentabrda kun tartibidan chiqarilgan. Xalqaro-huquqiy munosabatlarga oid belgilangan 4 ta tadbirlarning barchasini ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Oliy sudning faoliyati samaradorligini oshirish, odil sudlov bo‘yicha yagona sud amaliyotini shakllantirish, sudlarning tashkiliy jihatdan faoliyatini yanada takomillashtirish zaruratidan kelib chiqib, 2026 yilning birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqlash lozim bo‘ladi. Shu munosabat bilan umumiy masalalarga oid 11 ta, xalqaro-huquqiy munosabatlarga oid 3 ta, Oliy sud Rayosati muxokamasiga 12 ta va Oliy sud Plenumi muxokamasiga kiritiladigan 4 ta masalalardan iborat ish rejasi loyixasi ishlab chikilgan. Yuqorida kayd etilganlardan kelib chiqib, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga asosan, Oliy sud Rayosati qaror qiladi: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2025 yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosi yuzasidan axborot ma’lumot uchun kabul qilinsin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2026 yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi ilovaga muvofik tasdiqlansin. Oliy sudning Tashkiliy-nazorat boshqarmasi (J.Sadinov) zimmasiga: ish rejasi ijrosi yuzasidan umumiy nazoratni olib borish; rejadagi tadbirlarning muddatida ijrosi ta’minlanishi uchun mas’ullarni oldindan ogoxlantirish; ijrochilar tomonidan belgilangan muddatlarga rioya etmaganlik yoki mas’uliyatsizlikka yo‘l ko‘yilganlik holati yuzasidan rahbariyatga o‘z vaqtida axborot kiritish; ish rejasida belgilangan tadbirlar ijrosi ahvoli yuzasidan har oyda Oliy sud rahbariyatiga axborot takdim etib borish; ish rejasida belgilangan tadbirlar ijrosiga oid hujjatlarni to‘plash, umumlashtirish va aloxida yig‘majildlarda sakdanishini ta’minlash yuklatilsin. Ish rejasida belgilangan tadbirlarning to‘liq va o‘z muddatida bajarilishi yuzasidan tegishlicha Oliy sudning sudlov hay’atlari raislari va tarkibiy tuzilmalari raxbarlari mas’ul ekanligi ko‘rsatib o‘tilsin. Mazkur qaror Oliy sudning sudlov xay’atlari va tarkibiy tuzilmalariga ijro uchun, viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlarga ma’lumot uchun yuborilganligini ma’lum qildi.
Fuqarolik ishlari bo’yicha Xatirchi tuman sudi raisi v.v.b
Sh.Karimov